Nostrifikatsiyalash tartibi to‘g‘risida Nizom

2018-06-12 16:33:49

O‘zbekiston Respublikasi

Vazirlar Mahkamasining

2000 yil 25 iyuldagi

283-son qaroriga

2-ILOVA

(O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

2017 yil 3 apreldagi 173-son qarori ilovasiga

muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan)

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida

NIZOM

Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi 1992 yil 1 yanvardan so‘ng berilgan hujjatlarni tan olish hamda ularni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizom umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim hujjatlariga tegishlidir.

3. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish deganda vakolatli davlat organlarining O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ushbu hujjatlarning qonuniy kuchga ega ekanligiga roziligi tushuniladi.

4. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) deganda vakolatli davlat organlari tomonidan ushbu hujjatlar egalari tayyorgarligi darajasi muvofiqligini belgilash va ularga O‘zbekiston Respublikasining ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlariga ega bo‘lgan shaxslarga berilgani kabi akademik va (yoki) kasbiy huquqlar berilishi tushuniladi.

5. Xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) hamda tegishli guvohnoma berish bevosita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat inspektsiyasi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi (1-ilova).

6. Xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarning to‘liq o‘rta (to‘liqsiz o‘rta, o‘rta) ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalarida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalarida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan xorijiy davlatlarning o‘rta ta’lim muassasalarida 10, 11, 12 va undan yuqori sinflarda ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari ta’lim olganlik to‘g‘risidagi baholar tabeli (ma’lumotnoma) yoki shahodatnomaga asosan tan olinadi va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) bo‘yicha tegishli xulosa qabul qilinadi. Bunda 10 va 11-sinf bitiruvchisining ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlari tegishli ravishda akademik litseyning 1 va 2-bosqichini tugatganligiga hamda 12 va undan yuqori sinf bitiruvchisining hujjatlari o‘rta maxsus ma’lumotga tenglashtiriladi.

Xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta ta’lim va to‘liq o‘rta (to‘liqsiz o‘rta, o‘rta) ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish tegishli komissiyalar tomonidan ariza va ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi, uning notarial tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi asosida murojaat qilingan kundan boshlab eng ko‘pi bilan ikki hafta muddatda amalga oshiriladi.

Komissiya xulosasi Davlat inspektsiyasiga yuboriladi va uch kun muddat ichida tegishli qaror qabul qilishga asos bo‘ladi. Komissiyalar butun o‘quv yili davomida faoliyat ko‘rsatadi va o‘z ishi haqida Davlat inspektsiyasiga hisobot beradi.

7. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) quyidagi hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror, farmoyish va bayonnomalari asosida xorijiy davlatlarda ta’lim olgan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritishiga ruxsat etilgan xorijiy davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan;

mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar)ga muvofiq tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning yo‘llanmalari asosida ta’lim olgan;

xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat inspektsiyasining qo‘shma qarori bilan har yili ro‘yxati tasdiqlanadigan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan bitiruvchilarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari.

8. Davlat inspektsiyasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tegishli xorijiy davlatlarning davlat ro‘yxatida turgan (legalizatsiya yoki akkreditatsiya qilingan) o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi ma’lumotni oldindan tayyorlab qo‘yishlari lozim. Buning uchun yuqorida nomlari qayd etilgan idoralar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda elchixonalar va vakolatxonalarga murojaat qilishlari mumkin.

9. Xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) haqidagi 2-ilovaga muvofiq shakldagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

hujjat egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasining asl nusxasi (o‘tilgan o‘quv kurslari va ularning hajmi, yakuniy baholar, amaliyot, kurs va bitiruv malaka ishlari ro‘yxati, o‘quv jarayonining boshqa bajarilgan talablari ko‘rsatilishi lozim);

xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasining O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi;

xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

Ariza qabul qilingandan keyin ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasining asli hujjat egasiga qaytariladi.

10. Davlat inspektsiyasi ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan o‘quv yurtining o‘sha davlatda tegishli ro‘yxatda (legalizatsiya ro‘yxatida) borligini tekshirib, hujjatning ilovasida ko‘rsatilgan fanlar va maxsus kurslar O‘zbekiston Respublikasida ushbu yoki unga turdosh yo‘nalishdagi mutaxassisliklar bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturiga mos kelish-kelmasligini (asosan mutaxassislik fanlari bo‘yicha) aniqlaydi va eng ko‘pi bilan bir oy muddatda tegishli qarorini chiqaradi. Davlat inspektsiyasi lozim bo‘lgan hollarda tegishli o‘quv yurti, mahalliy va xorijiy tashkilotlardan aniqlashtiruvchi hujjatlarni so‘rab olishi mumkin.

11. Ariza beruvchi, shuningdek o‘z tayyorgarligi haqida boshqa hujjatlarni, jumladan, ta’lim olishning keyingi darajalari, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish mumkinligi, amaliy tajriba haqida hujjatlarni ham taqdim etishga haqlidir. Tan olish va ekvivalentligini qayd qilish uchun zarur bo‘lgan materiallar O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimalari bilan taqdim etiladi.

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish jarayoniga qo‘yiladigan talablar

12. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish jarayoni xalqaro bitimlar va tavsiyalar, O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim tizimining davlat ta’lim standartlari, me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

13. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish talablari:

ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni bergan ta’lim muassasasi o‘zi joylashgan davlatning vakolatli organlari tomonidan tan olingan bo‘lishi;

ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda tan olingan bo‘lishi;

ta’lim to‘g‘risidagi hujjat O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud bo‘lgan ta’lim shaklida o‘qib olingan bo‘lishi;

ta’lim to‘g‘risidagi hujjatning tan olinishi O‘zbekiston Respublikasi bilan davlatlararo bitimlarda ko‘zda tutilgan (mazkur Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno) bo‘lishi zarur.

Mazkur bandda belgilangan talablarga mos kelmaslik xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olmaslikka asos bo‘ladi.

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalashga qo‘yiladigan talablar

14. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalashda ushbu davlatlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari tan olingandan keyin ularning O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlariga mosligi aniqlanadi.

Ekvivalentlikni qayd etish jarayoni maxsus ekspertiza orqali o‘tkaziladi.

15. Maxsus ekspertiza quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:

o‘quv rejalari va dasturlarining mazmuni hamda muvofiqligi;

kirish sinovlarining mavjudligi;

imtihonlar va sinovlar tizimi;

ta’lim oluvchining o‘qish davridagi baholari (erishgan natijalari, reytingi, o‘zlashtirishi);

o‘zlashtirilgan fanlar hajmi (fanlarning nomi va soatlar miqdori);

amaliyotning mavjudligi va uning davomiyligi;

yakuniy malaka attestatsiyasining mavjudligi va darajasi;

bitiruv malaka ishining mavjudligi;

qo‘shimcha ta’limning mavjudligi.

Olingan bilimlar va tajriba yakuniy tayyorgarlik nuqtai nazaridan o‘quv rejalari va ta’lim uslubiyatida bo‘lishi mumkin bo‘lgan farqlarni e’tirof etgan holda baholanadi.

16. Ekvivalentlik to‘g‘risidagi xulosa quyidagilar asosida qabul qilinadi:

ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi ijobiy xulosa;

O‘zbekiston Respublikasi va ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan mamlakatdagi ta’lim tuzilmasiga qo‘yilgan umumiy talablarning mosligi;

ta’lim mazmunining mosligi to‘g‘risidagi ekspertizaning ijobiy xulosasi.

Ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning ekvivalentligi haqidagi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro va davlatlararo bitimlar va shartnomalar mavjud hollarda ekvivalentlik to‘g‘risidagi xulosa mazkur xalqaro bitimlar va shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

17. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarda ko‘rsatib o‘tilgan tayyorgarlik sohasi O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga mos kelmasa (kooperatsiya yo‘li bilan yoki maqsadli ta’lim olgan ariza beruvchining hujjatlari bundan mustasno) yoki o‘qitish hamda tayyorlash O‘zbekiston Respublikasida olib borilmaydigan ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va sohalarda amalga oshirilgan bo‘lsa, mazkur xujjatlarning ekvivalentligini qayd etish masalasi ekspertlardan iborat maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.

18. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning ekvivalentligi to‘g‘risidagi salbiy xulosa quyidagi hollarda qabul qilinadi:

xorijiy davlatlarda professional ma’lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta’limning umumiy me’yoriy davri (to‘liq o‘rta ma’lumot olingandan keyin) O‘zbekiston Respublikasi ta’lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan bir yildan kam bo‘lsa;

ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan mamlakatda uning egasiga O‘zbekistondagiga qaraganda kam akademik va (yoki) professional huquqlar berilgan bo‘lsa (masalan, hujjat egasi oliy o‘quv yurtlariga, magistratura yoki doktoranturaga kirish, professional faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega emasligi);

ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa.

muayyan (ijtimoiy soha, pedagogika, tarix va huquq) ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatidan kelib chiqib, o‘zlashtirilgan o‘quv fanlari hajmi va dars soatlari miqdori O‘zbekiston Respublikasining davlat ta’lim standartlariga muvofiq belgilangan tartibda tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejaning 55 foizidan kam qismini tashkil qilsa.

19. Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni ekvivalentligini qayd etish jarayoni xalqaro bitimlar va tavsiyalar, O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim tizimining davlat ta’lim standartlari, me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Boshqarmaga taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqish tartibi

20. Hujjat egasi yoki uning notarial tasdiqlangan ishonchnomaga ega bo‘lgan qonuniy vakili yoki manfaatdor tashkilot ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni ushbu Nizomning 9-bandiga muvofiq Davlat inspektsiyasiga taqdim etadi.

21. Davlat inspektsiyasi tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) jarayoni uchun barcha zarur hujjatlar mavjudligini aniqlaydi va ushbu materiallarni tegishli ekspert komissiyasiga yuboradi.

Ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganligi arizani ko‘rib chiqishni rad etish uchun asos bo‘ladi va hujjatlar ariza beruvchiga qaytariladi.

22. Ekspert komissiyalari Davlat inspektsiyasi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli ta’lim yo‘nalish (mutaxassislik)lari bo‘yicha tashkil etiladi. Ushbu komissiyalar tarkibiga yetuk olimlar va mutaxassislar kiradi. Komissiyalar faoliyatiga Davlat inspektsiyasi rahbarlik qiladi.

23. Ekspertiza davlat ta’lim standartlari, ta’lim muassasasini o‘zlari joylashgan davlatlarda belgilangan tartibda akkreditatsiya qilish haqidagi hujjat, ko‘rsatib o‘tilgan ta’lim yo‘nalish (mutaxassislik)lari bo‘yicha o‘quv rejalari, o‘qitilgan o‘quv fanlarining dasturlari, malaka tavsifnomalari va O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan boshqa talablar asosida amalga oshiriladi.

24. Ekspert komissiyasi nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun taqdim etilgan ta’lim hujjatini ushbu Nizomning 15-bandiga muvofiq maxsus ekspertizadan o‘tkazish natijasiga ko‘ra xulosa tayyorlaydi.

Ekspert komissiyasi xulosasida ariza beruvchining xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjati belgilangan talablarga javob berishi va u maxsus sinovlarga (test, yozma ish, suhbat) tavsiya etilishi yoki xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjati belgilangan talablarga javob bermasligi sababli nostrifikatsiyalashga tavsiya etilmasligi to‘g‘risida tavsiyasi bayon etiladi.

25. Ekspert komissiyasining xulosasi ariza beruvchiga yozma ravishda ma’lum qilinadi.

Ijobiy xulosa olgan (maxsus sinovlarni topshirishga tavsiya etilgan) ariza beruvchi maxsus sinovdan o‘tish uchun Davlat inspektsiyasiga kamida o‘n kun oldin yozma ravishda murojaat qilishi kerak. Maxsus sinovlardan o‘tish muddati ariza beruvchining roziligi bilan belgilanadi.

26. Maxsus sinovlar ekspert komissiyasi yoki uning vakili ishtirokida o‘tkaziladi.

Maxsus sinovlar ariza beruvchining diplom ilovasida mavjud bo‘lgan 3 tadan ko‘p bo‘lmagan mutaxassislik fanlari bo‘yicha, huquq va pedagogika yo‘nalishlarida esa qo‘shimcha ravishda tarix va ijtimoiy fanlardan o‘tkaziladi.

27. Maxsus sinov natijasiga ko‘ra 55 foiz va undan kam ball to‘plagan ariza beruvchining ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari nostrifikatsiyalashga (ekvivalentligini qayd etishga) tavsiya etilmaydi.

28. Maxsus sinovlar natijasidan norozi bo‘lgan ariza beruvchi sinov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida shikoyat bilan Davlat inspektsiyasiga murojaat qilishi mumkin.

Maxsus sinovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha shikoyatlar sinov o‘tkazilgan kuni berilishi lozim.

Maxsus sinovlar natijasi bo‘yicha tushgan shikoyat Davlat inspektsiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan tashkil etilgan komissiya tomonidan ikki hafta ichida ko‘rib chiqiladi va yozma ravishda muallifga javob yuboriladi.

Ekspert komissiyasi qaroriga muvofiq maxsus sinovlar natijasiga ko‘ra hujjatlari nostrifikatsiyalashga tavsiya etilmagan ariza beruvchilar belgilangan tartibda maxsus sinovlarni topshirish uchun qayta murojaat qilishlari mumkin.

29. Ekspert komissiyasi xorijiy davlatlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarini o‘rganib chiqish va ushbu Nizomning 24-bandiga muvofiq o‘tkaziladigan maxsus sinovlar natijasiga ko‘ra tegishli yakuniy xulosa tayyorlaydi va uni Davlat inspektsiyasiga taqdim etadi.

30. Davlat inspektsiyasi ekspert komissiyasining xulosasini ko‘rib chiqib, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) yoki uni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

31. Ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning ekvivalent ekanligini qayd etilganligi haqidagi qaror hujjatning egasiga maxsus guvohnoma berish to‘g‘risida Davlat inspektsiyasining tegishli buyrug‘i chiqarilishiga asos bo‘ladi.

Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar tan olinganda va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) amalga oshirilganda quyidagi davlat namunasidagi guvohnomalar rasmiylashtiriladi:

umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi shahodatnomani nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) haqida guvohnoma ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq;

10, 11, 12 va undan yuqori sinf baholar tabeli (ma’lumotnoma) yoki shahodatnomani nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) haqida guvohnoma ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq;

o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risidagi diplomini nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) haqida guvohnoma ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq;

oliy ma’lumot (diplomli mutaxassis, bakalavr va magistr) to‘g‘risidagi diplomini nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) haqida guvohnoma ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq.

Hujjat egasining xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjati davlat namunasidagi guvohnoma bilan birgalikda taqdim etilganda O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega bo‘ladi.

32. Ariza beruvchining hujjatlarini ko‘rib chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va qaror qabul qilish muddati ariza qabul qilingan kundan boshlab bir oydan oshmasligi kerak.

Ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat bergan ta’lim muassasasi, mahalliy va xorijiy tashkilotlardan aniqlashtiruvchi hujjatlarni olish talab etilgan hollarda ekspertizadan o‘tkazish va qaror qabul qilish muddati aniqlashtiruvchi hujjatlar olingan kundan boshlab hisoblanadi.

Maxsus sinovlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun talab etiladigan vaqt mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan muddatga kirmaydi.

33. Ta’lim to‘g‘risidagi hujjatni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) haqidagi guvohnoma shaxsan ariza beruvchiga yoki notarial tasdiqlangan ishonchnomaga ega bo‘lgan qonuniy vakiliga beriladi.

34. O‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun amaldagi belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Bunda mazkur yig‘imning 50 foizi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti daromadiga o‘tkaziladi.

35. Diplom (shahodatnoma yoki baholar tabeli) va mazkur Nizomga 3 — 6-ilovalariga muvofiq ekvivalentligini qayd etish to‘g‘risidagi davlat namunasidagi guvohnoma uning egasiga O‘zbekiston Respublikasidagi ta’lim muassasasida navbatdagi bosqichda o‘qishni davom ettirish yoki kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradi.

36. Tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) natijalari yuzasidan shikoyat va arizalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit